30 January 2022

Rasmiy xabar

Maʼlumki, Oʼzbekistonda ipoteka bozorini takomillashtirish maqsadida, Moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki xamkorligida Oʼzbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi (keyingi oʼrinlarda - Dastur) va uni 2019 — 2021 yillarda amalga oshirish kontseptsiyasi ishlab chiqilgan. Kontseptsiyaga muvofiq Dasturning asosiy vazifalaridan biri etib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 maydagi PQ-5715-sonli qarori ilovasi bilan belgilangan yoʼl xaritasiga asosan “Oʼzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi”ni (keyingi urinlarda - Kompaniya) taʼsis etish va faoliyatini yoʼlga qoʼyish hisoblanadi.

Dasturga muvofiq, Kompaniya faoliyatini boshlash uchun dastlabki bosqichda Osiyo taraqqiyot bankining 150 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablagʼlari tijorat banklarining maqbul ipoteka kreditlari portfelini qayta moliyalashtirish uchun ajratilishi koʼzda tutilgan boʼlib, ushbu resurslarni bosqichma-bosqich 2023 yilning birinchi choragi yakuniga qadar oʼzlashtirish rejalashtirilgan edi.

Biroq, aholining ipoteka krediti hisobiga ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishga boʼlgan katta qiziqishi hamda tijorat banklari tomonidan aholining ushbu talabini qondirish maqsadida faol kreditlar ajratishi natijasida, Dasturda nazarda tutilgan mablagʼlar muddatidan avval, yaʼni 2022 yilning birinchi choragi davomida oʼzlashtirib boʼlinishi kutilmokda. Ushbu haqida tijorat banklari 2021 yilning dekabr oyida, Dastur boʼyicha qoldiq mavjud resurslar doirasida yetarlicha maqbul ipoteka krediti portfellari shakllantirishi lozimligi yuzasidan Kompaniya tarafidan yozma ravishda xabardor qilingan edi.

Bugungi kunda Kompaniya Moliya vazirligi va boshqa institutlar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan ham, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish maqsadida resurslarni jalb qilish boʼyicha faol ravishda tegishli ishlarni olib bormoqda. Аmalga oshirilayotgan ishlar boʼyicha qoʼshimcha maʼlumotlar Kompaniyaning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va telegram kanalida eʼlon qilinadi.

Tijorat banklari maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish ishlari tiklanganligi toʼgʼrisida Kompaniya tomonidan tegishli ravishda kelajakda xabardor qilinadi.

Hurmat bilan,

“Oʼzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ

Поделиться: